1-ma’ruza. Kirish
Ma’ruza rejasi:
- Fan bo’yicha umumiy ma’lumotlar.
- Yog’och va uning asosidagi mahsulotlarning hayotda qo’llanilishi.
- Fan bo’yicha umumiy ma’lumotlar.
Respublikamiz mustaqillikka erishganidan so‘ng iqtisodiyotning barcha sohalari kabi ta’lim sohasiga ham katta e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, Respublikamiz Prezidenti I.A.Karimovning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi IX sessiyasida (1997 yil, 29 avgust) so‘zlagan nutqida O‘zbekiston taraqqiyotining poydevori barkamol avlod ekanligi, hayotimizni xal etuvchi muhim masalalar katoriga ta’lim-tarbiya tizimini tubdan o‘zgartirish, uni yangi zamon talabi darajasiga ko‘tarish, barkamol avlodimiz kelajagiga dahldor qonun loyihalar qabul qilinishi kerakligini ko‘rsatib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining ushbu sessiyasida “Ta’lim to‘g‘risida” va “Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi to‘g‘risida Qonunlarining qabul qilinishi olamshumul ahamiyatga ega bo‘ldi, mamlakatda amalga oshirilayotgan “Demokratik va iqtisodiy o‘zgarishlarni hisobga olgan holda kadrlar tayyorlash tizimini keng ko‘lamda isloh qilishning ibtidosi bo‘ldi.
Bundan keyingi hukumat qarorlarida ham raqobatbardosh kadrlar tayyorlash uchun «fan — ta’lim — ishlab chiqarish» integratsiyasini takomillashtirishga jiddiy e’tibor qaratilib kelinmoqda. Jumladan, ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohatlarda, Davlat ta’lim standartlari va o‘quv rejalarini ishlab chiqishda fanlarning xususiyatiga, o‘qitish tizimi yaxshilashga alohida e’tibor berib kelinmoqda.
So’nggi yigirma yil ichida xukumatimiz tomonidan Respublikadagi yog’ochsozlik korxonalarini xususiylashtirilishi hozirgi kundagi zamon talablariga javob beradigan, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqaradigan, zamon zayliga, odamlarning didiga tez moslashuvchan mahsulotlar ishlab chiqaruvchi korxonalar paydo bo’lishiga olib keldi. Mazkur korxonalarda faoliyat yuritayotgan mutaxassis kadrlar yog’och xususiyatlaridan yaxshi xabardor bo’lishi, ining boshqa materiallardan afzallik va kamchiliklarini yashi bilishlari shart.
Ushbu maqsadga qaratilgan «Yog‘ochshunoslik asoslari» fani ixtisoslikning dastlabki fanlaridan biri bo‘lib, u bakalavriatning 3-kursida o‘qitiladi.
«Yog‘ochshunoslik asoslari» fanining maqsadi yog‘ochning tuzilishi, xususiyatlari va ishlatilishi, arralangan yog‘och materiallar ishlab chiqarish bo‘yicha bilimlar berishdir.
Fanning ilm-fan sohasidagi vazifasi yog‘ochning makroskopik va mikroskopik tuzilishini, kimyoviy, fizikaviy, mexanik va ekspluatatsion xususiyatlarini o‘rganish, yog‘ochda uchraydigan nuqsonlarni so‘nggi ГОСТ talablari bo‘yicha sinflash, yog‘och turlarini belgilash va qo‘llanilishi bo‘yicha ma’lumotlarni berish, mahalliy yog‘och turlari bo‘yicha ma’lumotlar yig‘ish, yog‘ochdan olinadigan turli kompozitsion materialar bo‘yicha ma’lumotlar berishdir.
Mazkur fanni o‘zlashtirgan talaba:
– yog‘ochda kechadigan hayotiy jarayonlar va ularning ahamiyati, yog‘ochning makroskopik va mikroskopik tuzilishi, yog‘ochni aniqlash belgilari, yog‘ochning kimyoviy xususiyatlari va uning kimyoviy xom-ashyo sifatida ishlatirili, yog‘ochning tashqi ko‘rinishi, yog‘ochga namlik, issiqlik, tovushning ta’siri, yog‘ochning mexanik va deformatsion xususiyatlari, yog‘ochning ekspluatatsion xossalari, yog‘och nuqsonlari, yog‘och turlari, yog‘och materiallari va ulardan olinadigan kompozitsion materiallar turlari, yog‘ochni tilish nazariyasi, yog‘ochni tilish va arralash jarayonlari haqida nazariy bilimlarga ega bo‘ladi;
– yog‘ochning tashqi ko‘rinishi bo‘yicha asosiy yog‘och guruhlarini va jumladan asosiy yog‘och turlarini bir-biridan ajratish, yog‘ochning anatomik belgilarini ta’riflash, identifikatordan foydalanib yog‘och turini aniqlash, yog‘ochga ishlash texnologik jarayonlarida zarur bo‘ladigan yog‘ochning fizik, mexanik va kimyoviy xususiyatlari haqida ma’lumot berish, yog‘ochning fizik-mexanik xususiyatlarini aniqlash, yog‘ochda uchraydigan asosiy nuqsonlarni ajratish va tanish, yog‘ochning sortini aniqlash, yog‘ochni sifatli saqlash va tashish, yog‘och tilishni optimal rejalashtirish, yog‘och tilishdaga xom ashyo sarfi hisobini yuritish kabi amaliy ko‘nikmalariga ega bo‘ladi.
Ushbu fanni o‘zlashtirish uchun talaba “Matematika”, “Fizika”, “Organik kimyo”, “Chizma geometriya va muhandislik grafikasi”, “Amaliy mexanika” fanlarini o‘rgangan bo‘lishi zarur.
Bu fandan olingan bilim va ko‘nikmalar «Yog‘ochsozlikda qo‘llaniladigan xom ashyo va materiallar», «Yog‘ochni quritish va kimyoviy himoyalash», «Yog‘ochdan kompozitsion materiallar ishlab chiqarish texnologiyasi», «Yog‘ochsozlik sanoati mashinalari va jihozlari», «Yog‘ochni mexanik va kimyoviy qayta ishlash texnologiyasi», «Yog‘ochni pardozlash texnologiyasi» kabi fanlarni o‘rganish uchun asos bo‘ladi.
Fanni o’qitish uchun o’quv rejalarida jami 121 soat ajratilgan bo’lib, shundan 68 soati auditoriyada va 90 soati mustaqil ta’lim shaklida olib boriladi.
Talabaning fanni mustaqil tarzda qanday o‘zlashtirganligi o’quv davrida muntazam nazorat qilib va baholab boriladi.
Mustaqil shug’ullanishi uchun talabaga o’quv rejasiga muvofiq 90 akademik soat miqdorida vaqt byudjeti ajratilgan. Ushbu vaqt byudjetini quyidagi tartibda taqsimlash tavsiya etiladi:
— ma’ruza konspektini o‘qib tayyorlanishga – 20 soat.
— amaliy mashg‘ulotlarga tayyorlanishga – 30 soat.
— laboratoriya mashg‘ulotlariga nazariy tayyorgarlik va hisobotni rasmiylashtirishga – 30 soat.
— fan mavzulariga doir uy vazifalari, referatlar va shu kabi mustaqil ish turlariga – 10 soat.
Laboratoriya ishlariga talabalar mustaqil holda fan bo’yicha belgilangan o’quv-uslubiy adabiyotlardan (asosiy darsliklar, ma’ruza matni va laboratoriya ishlari uchun belgilangan qo‘llanmalardan) foydalanib, tayyorgarlik ko‘rishlari lozim.
Fan bo’yicha mustaqil shug’ullanish uchun quyidagi asosiy adabiyotlar tavsiya etiladi:
— Угольев Б.Н. “Древесиноведение с основами лесного товароведения”, М.: Лесн.пром-сть, 1986 г.
— Тюкина и др. “Технология лесопильно-деревообрабатывающих производств”, М., Лесн.пром-сть, 1986 г.
Shuningdek, Internet tizimidagi quyidagi manzillardan ham qiziqarli ma’lumotlarni olish mumkin:
— http://slovari.yandex.ru/dict/bse/article/00024/74700.htm. Большая российская энциклопедия. Древесиноведение.
— http://window.edu.ru/window/catalog?p_rubr=2.2.75.10.1&p_mode=1 Единое окно доступа к образовательным ресурсам. Древесиноведение. Карточка ресурса.
Fan bo’yicha talabalarning o’zlashtirishini baholash Vazirlikning 2005 yil 30-sentabrdagi 217-sonli buyrug’i bilan tasdiqlangan «Oliy ta’lim muassalarida talabalar bilimini baholashning reyting tizimi to’g’risida muvaqqat Nizom» asosida quyidagi tarzda tashqil qilinadi.
Amaliy mashg’ulotlarni baholashda talabaning intizomi va davomati, darsdaga faolligi, uy vazifalarini to‘liq bajarganligi, amaliy mashg‘ulot daftarining talab darajasidaligi, amaliy ishni qay darajada bajarganligi va ishning to’liq rasmiylashtirilganligi o’zlashtirishni baholash mezoni sifatida inobatga olinadi.
Laboratoriya mashg’ulotlarni baholashda talabaning intizomi va davomati, darsdaga faolligi, laboratoriya ishini to’liq bajarganligi, daftarining talab darajasidaligi, nazariy qismni qay darajada o’zlashtirganligi va ishning to’liq rasmiylashtirilganligi inobatga olinadi.
OB yozma ish yoki test sinovlari ko‘rinishida o‘tkazilishi mumkin. OB ni baholashda har bir savol uchun alohida ball ajratiladi va mos baholash mezoni qo‘llaniladi.
Mashg’ulot turlari bo’yicha mustaqil ishlar yu vazifasi, referat kabi shakllarda bajariladi.
YB yozma ish yoki test sinovlari ko‘rinishida o‘tkazilishi mumkin. Talaba YB ga ajratilgan saralash balini to‘plagan taqdirda uning YB da to‘plagan bali inobatga olinadi va umumiy reytingiga qo‘shiladi. YB ni baholashda har bir savol uchun alohida ball ajratiladi va mos baholash mezoni qo‘llaniladi.
- Yog’och va unning asosidagi mahsulotlarning hayotda qo’llanilishi.
Yer yuzasidagi quruqliklarning deyarli 1/3 qismi o’rmonlar bilan qoplangan. Ularning yarmi shimoliy yarim sharda, qolgan yarmi tropik iqlimli mintaqalarda joylashgan. Hozirgi kunga kelib ormonlardan olinadigan yog’och miqdori yiliga deyarli 5 mlrd m3 ni tashqil etadi. Dunyodagi yog’och zahirasi taxminan 360 mlrd m3 ni tashqil etadi. Yog’och hayotning barcha sohalarida qo’llaniladi. Bunga uning boshqa materiallardan quyidagi afzal tomonlari sabab bo’ladi:
— neft, ko’mir, gaz, rudalarga nisbatan yog’och zahirasi hech qachon tugamaydi va har yili yangilanadi;
— nisbatan yengil va pishiq material;
— issiq-sovuqdan yaxshi himoyalaydi;
— shovqin va titrashlarni, zarbni o’ziga yutadi;
— kesuvchi asboblar bilan oson ishlanadi;
— yaxshi yelimlanadi, metall va boshqa birikmalarni o’zida yaxshi ushlaydi;
— noyob tashqi ko’rinishga ega;
— yaxshi akustik va rezonans hususiyatlarga ega;
— inson tanasi uchun zararsiz va ekologik toza mahsulot;
— oson qayta ishlanadi.
Ushbu xususiyatlari sababli yog’ochdan qurilishda ishlatiladigan detallar va konstruktsiyalar, mebel va duradgorlik buyumlari, musiqa asboblari, idishlar va qutilar, sport anjomlari olinadi va boshqa turli texnika sohalarida ham ishlatiladi.
Biroq yog’ochdan mexanik usulda olingan mahsulotlar ba’zi kamchiliklarga ega:
— xususiyatlarining o’zgaruvchanligi;
— tuzilishining bir xil emasligi, anizotropligi, tabiiy nuqsonlarning mavjudligi;
— namlik ta’sirida shishishi va quriganda kichrayichi, qiyshayishi va yorilishi;
— yonuvchanligi;
— zamburug’’lar ta’sirida chirishi.
Yog’ochga kimyoviy va kimyoviy-mexanik ishlov berish orqali kamchiliklarini qisman yo’qotish orqali undan varaq va plita materiallar — qog’oz, karton, yog’och qirindili va tolali plitalar, fanera va boshqa mahsulotlar olinadi. Yog’ochga antipirenlar, antiseptiklar va boshqa qo’shimchalarni shimdirish orqali uning yonuvchanligini kamaytirish, chirishga va hasharotlarga, mexanik yedirilishga chidamli, mustahkam material olish va unga boshqa noyob xususiyatlarni berish mumkin.
Yog’ochdan chorva ozuqasi uchun drojlar, shina ishlab chiqarishda qo’llaniladigan kord iplari, to’qimachilik sanoati uchun sun’iy tolalar, yarim o’tkazgichlar ishlab chiqarish sanoati va kimyoviy qirg’in qurollaridan himoyalanish uchun yog’och ko’miri, dorivor preparatlar olish mumkin. Yog’ochdan olinadigan mahsulotlarni sanaydigan bo’lsak ularning soni hozirgi kunda 20000 ga yaqinlashadi. Uning zahiralarining tugamasligi sababli u kelajakda suyuq va gaz yoqilg’ilari ishlab chiqishda, organik sintez mahsulotlari, chorva uchun ozuqa mahsulotlari, shuningdek oziq-ovqat mahsulotlari ham ishlab chiqish uchun keng qo’llaniladi.
Yog’ochning estetik ko’rinishi va inson salomatligi uchun zararsizligi, atrof muhitga salbiy ta’sir ko’rsatmasdan buzilishi uning insonning doimiy yo’ldoshi bo’lishiga sabab bo’ladi.
Yog’oching yuqorida ta’kidlangan hususiyatlarini o’rganish bilan «Yog’ochshunoslik» fani shug’ullanadi. Bu fanning ruvojlanishiga Perelygin L.M., Vanin S.I., Vixrov V.E., Ugolev B.N. kabi rossiyalik olimlar katta hissa qo’shishgan. Bu fan yog’ochsozlik sohasi uchun bazaviy fan hisoblanadi.
Ushbu fanning asoslarini bilish yog’ochsozlik sohasida faoliyat yurituvchi mutahasislar uchun juda zarur.
Mavzuga oid tayanch so’z va iboralar.
Fan bo’yicha nazariy bilimlar — talabalarga ma’ruza mashg’ulotlarida yetkazilgan, asosiy darsliklarda bayon qilingan, o’qib tushunib olinadigan matn, grafik va jadval shaklidagi nazariy materiallar. Nazariy bilimlar anglash, yodlab olish va mazmunini tushunish kabi shakllarida qabul qilinadi.
Fan bo’yicha amaliy ko’nikmalar — talabalarga amaliy va laboratoriya mashg’ulotlari, mustaqil ta’lim, malakaviy amaliyotlar, malakaviy bitiruv ishi va ishlab chiqarishdagi kasbiy faoliyatlarda to’planib mustahkamlanib boriladigan, orttirilgan uquv, ko’nikma, tajriba va malakalar shaklidagi amaliy jihatdan mustahkamlangan bilimlar majmuasi. Amaliy bilimlar amalda bajarish, bajarilgan ishni tahlil qilish va umumlashtirish, baho berish kabi shakllarda namoyon bo’ladi.
Fanni o’zlashtirish — fan bo’yicha belgilangan nazariy va amaliy bilimlarni o’qib-o’rganib bilib olish, tushunish, amalda bajara olish, tahlil qilish va umumlashtirish, baho berish ko’nikmalariga ega bo’lish.
Auditoriya darslari — fanga ajratilgan maxsus xonalarda ma’ruza, amaliy va laboratoriya mashg’ulotlari shakllarida fan o’qituvchilari tomonidan olib boriladigan darslar. Auditoriyada olingan bilim va ko’nikmalar talabalar tomonidan fanni mustaqil tarzda o’rganish orqali mustahkamlanib borilishi zarur.
Mustaqil ta’lim — talabaning fanni mustaqil tarzda, fan o’qituvchisi rahbarligida o’zlashtirib olish jarayoni. Mustaqil ta’lim ma’ruza darslari uchun – fan mavzulari bo’yicha referat yozish, Internetdan ma’lumot olish, tarqatma material bilan ishlash, reyting baholashlarga tayyorgarlik, ilmiy anjumanlarga tayyorgarlik, fan olimpiadalariga tayyorgarlik shaklida, amaliy mashg’ulotlar uchun – uy vazifasini bajarish, o’quv-ilmiy tadqiqot izlanishlarini o’tkazish, tarqatma material bilan ishlash shaklida, laboratoriya mashg’ulotlari uchun – kollokviumga tayyorlanish, laboratoriya ishi hisobotini tayyorlash kabi shakllarda olib borilishi mumkin.
Vaqt byudjeti — talabaning fanni o’zlashtirisi uchun ajratilgan umumiy akademik soatlar miqdori. Vaqt byudjeti yonalishning o’quv rejasida belgilanadi. U 2 qismdan iborat bo’ladi: birinchisi — auditoriyada shug’ullanish uchun (ma’ruza, amaliy, laboratoriya, o’qituvchi rahbarligidagi mustaqil ta’lim, ya’ni kurs ishi, kurs loyihasi, hisob-chizma ishi va h.k.), ikkinchisi — talabaning mustaqil shug’ullanishi uchun belgilangan soatlar. Auditoriya soatlari akademik guruhlarning dars jadvallarida taqsimlab qo’yiladi, mustaqil ish vaqtini esa fan dasturidagi tavsiyalar asosida talabaning o’zi belgilashi kerak.
Fan bo’yicha belgilangan o’quv-uslubiy adabiyotlar — darslik, o’quv qo’llanma, metodik tavsiyalar, monografiya, lug’at, izohli lug’at, ma’lumotlar to’plami, ma’ruzalar kursi, ma’ruzalar matni, uslubiy ko’rsatma, uslubiy qo’llanma, sharx, dayjest, elektron darslik, ma’lumotlar banki, elektron nashr, elektron o’quv nashri, elektron lug’at, elektron uslubiy qo’llanma, elektron o’quv qo’llanma shaklidagi adabiyotlar majmuasi. O’quv-uslubiy adabiyotlarning turlari va mazmuni «Uzluksiz ta’lim tizimi uchun o’quv adabiyotlarining yangi avlodini yaratish kontseptsiyasi»da keltirilgan.
O’zlashtirishni baholash mezoni — bilimni baholash uchun qo’llaniladigan o’lchov, shkala. Reyting Nizomida quyidagi o’zlashtirish bosqichlari keltirilgan — xulosa va qaror qabul qilish, ijodiy fikrlay olish, mustaqil mushohada yuritish, amalda qo’llay olish, mohiyatini tushunish, bilish, aytib berish, tasavvurga ega bo’lish. Fan bo’yicha amaliy mashg’ulotlarni baholashda (joriy baholash) talabaning intizomi va davomati, darsda faol ishtirok etishi, uy vazifalarini to‘liq bajarishi, amaliy mashg‘ulot daftarining talab darajasidaligi, ishni qay darajada bajarganligi va ishning to‘liq rasmiylashtirilganligi inobatga olinadi. Fan bo’yicha laboratoriya mashg’ulotlarni baholashda (joriy baholash) talabaning intizomi va davomati, darsda faol ishtirok etishi, laboratoriya ishini to’liq bajarishi, laboratoriya mashg‘uloti daftarining talab darajasidaligi, kollokviumni (nazariy qismni) qay darajada topshirganligi va xisobotning to‘liq rasmiylashtirilganligi inobatga olinadi. Oraliq va yakuniy baholashlarda — nazorat savollariga to’g’ri va to’liq javob berilganligi, javob berishda ijodiy yondoshganligi, tayanch so’z va iboralardan foydalanilganligi, yozma ish hajmi va talabaning husnixati inobatga olinadi.
Saralash bali — baholash turi (JB, OB va YB) dan talaba o’zlashtirishi zarur bo’lgan minimal reyting bali.
Yog’ochning afzalliklari — yog’ochning boshqa materiallarga nisbatan afzal tomonlari (masalan — yengil va puxtaligi, tuganmas zahiraga egaligi, o’ziga hos estetik teksturaga, rezonans hususiyatlari egaligi).
Yog’ocnning anizotropligi — turli yo’nalishlarda xususiyatlarning turlicha bo’lishi (masalan — cho’zilishga bo’lgan mustahkamlik tolalar yo’nalishda eng yuqori, tolalarnga perpendikulyar yo’nalishda — nisbatan past ko’rsatkichga ega).
Yog’ochdan mexanik usulda olingan mahsulotlar — yog’ochni tilish, arralash, kesish, qirqish, randalash, parmalash, shliflash, jilvirlash, yelimlash, birikmalar bilan biriktirish, qoplash.
Yog’ochga kimyoviy va kimyoviy-mexanik usulda ishlov berish — mexanik ishlov bilan birga quyidagi kimyoviy usullar ham kiradi — fanera, ДСтП, ДВП, DSP, MDF, egib yelimlangan meteriallar, qog’oz olish, yog’och pirolizi, yog’och gidrolizi, yog’ochda selluyoza olish, bo’yoqlar, smolalar, dorivor vositalar olish va h.k.
Yog’ochning estetik ko’rinishi — yog’ochning anatomik elementlarining turli kesimlarda turlicha ko’rinishi.
Nazorat uchun savollar.
- «Yog’ochshunoslik asoslari» fanining maqsad va vazifalari.
- Fan bo’yicha talabalar qanday nazariy bilimlar va amaliy ko’nikmalarga ega bo’ladilar?
- «Yog’ochshunoslik asoslari» fanini o’zlashtirish uchun qaysi fanlarni yaxshi bilish kerak?
- «Yog’ochshunoslik asoslari» fani bo’yicha olingan bilimlar qaysi fanlarni o’rganishga asos bo’ladi?
- «Yog’ochshunoslik asoslari» fanining o’quv soatlari qanday taqsimlangan?
- «Yog’ochshunoslik asoslari» fani bo’yicha mustaqil ta’lim uchun vaqt byudjeti deganda nimani tushunasiz va Siz uni taqsimlashni qanday rejalashtirdingiz?
- «Yog’ochshunoslik asoslari» fanini o’zlashtirish uchun qanday o’quv-uslubiy adabiyotlarni bilasiz?
- «Yog’ochshunoslik asoslari» fani bo’yicha reyting baholash tizimi.
- Baholash mezoni deganda nimani tushunasiz? Amaliy va laboratoriya mashqulotlari bajarilishini baholashda nimalar baholash mezoni sifatida ishlatiladi?
- Yog’ochning konstruktsion material sifatidagi afzalliklari nimalardan iborat?
- Yog’ochning kamchiliklari nimalardan iborat?
- Yog’ochni kimyoviy va kimyoviy-mexanik qayta ishlab undan qanday materiallar olinadi?
Tavsiya etilgan adabiyotlar ro’yxati.
- Oliy ta’lim. Me’yoriy-huquqiy va uslubiy hujjatlar to’plami. – Toshkent: «Istiqlol», 2004, 512 b.
- Угольев Б.Н. “Древесиноведение с основами лесного товароведения”, М.: Лесн.пром-сть, 1986 г.РР